Mamlakatimizda aholi, xususan, yoshlar bandligini ta’minlash, ularni doimiy daromad manbai bilan ta'minlash hamda o‘qishni tamomlagan bitiruvchilarning mustaqil hayotga qadam qo‘shishiga ko‘maklashish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shu ezgu maqsadlar yo‘lida 2026-yil 26-sentyabr kuni Samarqand tuman texnikumida navbatdagi Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi yuqori saviyada o‘tkazildi.

Mazkur muhim tadbirda Samarqand tuman hokimligi mas’ul vakillari, tuman hududidagi barcha korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari, mahalla faollari, shuningdek, ishsiz fuqarolar va Samarqand tuman texnikumining bitiruvchi yoshlari faol ishtirok etdilar.

Yarmarkaning ochilish marosimida tuman hokimligi mutasaddilari so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda har bir fuqaroning bandligini ta'minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va munosib ish haqi oladigan mehnat sharoitlarini yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini alohida ta'kidlab o‘tdilar. Shuningdek, texnikum bitiruvchilariga o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha tumanimizdagi korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritishlari uchun keng imkoniyatlar eshiklari ochiq ekanligi bildirildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan bo‘sh ish o‘rinlari, mehnat sharoitlari, ish haqi va talab etiladigan malaka talablari yuzasidan ish beruvchilardan batafsil ma'lumotlar oldilar. Ko‘plab yosh mutaxassislar va fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan korxona va tashkilotlarga ishga joylashish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilib, dastlabki suhbatlardan o‘tdilar.

Bunday yarmarkalarning tashkil etilishi o‘quvchi-yoshlarning kelajakda o‘z o‘rnini topishi, hududdagi kadrlar yetishmovchiligining oldini olish hamda ish beruvchi bilan ta'lim muassasasi o‘rtasidagi o‘zaro yaqin hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Fotolavhalar Kattalashtirish uchun suratni bosing

Barcha yangiliklar